Sud tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etiladi
Fuqaro va tadbirkorlarga davlat xizmatlaridan foydalanishda yengillik yaratish, jahon standartlariga moslashtirish yoʻlida mamlakatimizda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻtgan davr mobaynida sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha amalga oshirilgan tadbirlar natijasida, odil sudlovga erishish, sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflik darajasi oshdi.
Lekin, sudning axborot tizimi koʻpgina vazirlik va idoralar bilan oʻzaro integratsiya qilinmaganligi sababli maʼlumot almashinuvi asosan qogʻoz shaklda amalga oshirilishi natijasida, tegishli maʼlumotlar olingunga qadar maʼlum bir vaqt yoʻqotilishiga olib kelayotgan, ishlarni qonunda belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilishiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan, ish boʻyicha taraflarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan edi. Bundan tashqari, xozirgi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari barcha soxalarga izchillik bilan kirib borayotgan davrda sudlar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarga koʻrsatiladigan interaktiv xizmatlar turini kengaytirish boʻyicha ishlarni jadallashtirishni taqazo etayotgan edi.
Shu maqsadda, “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori qabul qilinib, unga koʻra barcha sudlarda ish boʻyicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan sud majlislarini audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlislari bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish tartibi joriy etilmoqda.
Bundan tashqari, sudyalar oʻrtasida ishlarni taqsimlashga sud muhokamasi natijasidan manfaatdor boʻlgan shaxslarning taʼsir koʻrsatishi istisno etiladigan tartibda, apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar oʻrtasida avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalangan holda taqsimlash tartibi kiritiladi.
Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish nazarda tutilmoqda. Jumladan, billing elektron toʻlov tizimi, davlat boji kalkulyatori, sud qarorlari banki, sudlarda koʻrilayotgan ishlarning onlayn jadvali, elektron raqamli imzodan foydalangan holda daʼvo, ariza, shikoyat va iltimosnomalarni avtomatik ravishda shakllantirish kabi interaktiv xizmatlarni joylashtirish koʻzda tutilmoqda.
Sudlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasi yana-da yaxshilanadi, 28 ta davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari axborot tizimlarini Oliy sudning axborot tizimiga bosqichma-bosqich ulanadi. Bu orqali davlat organlari va tashkilotlariga maʼlumotlarni elektron shaklda yuborish, ulardan qabul qilish, muayyan ishni koʻrish jarayonida zarur boʻlgan maʼlumotlar va hujjatlarni fuqarolarni ovvora qilmagan holda sudlar tomonidan bevosita davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda bepul olish imkoniyati yaratiladi.
Mavjud axborot tizimlari negizida zamonaviy texnologiyalarni hisobga olgan holda yangi dasturiy platforma asosida yagona “Adolat” axborot tizimlari kompleksini yaratish koʻzda tutilgan boʻlib, unda sud hujjatlarini sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimidan foydalanib avtomatlashtirilgan ravishda shakllantirish, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan axborot tizimi orqali jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va maʼmuriy sudlarga elektron murojaat qilish tizimi, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun axborot tizimlarining mobil versiyalari yaratiladi, sudya va sud xodimlarini yangiliklardan va sudlar faoliyatiga oid maʼlumotlardan xabardor qilish moduli joriy etiladi, sud qarorlarini ish boʻyicha taraflarga onlayn tarzda taqdim etish imkonini beruvchi dasturiy modul ishlab chiqiladi.
Fuqarolarning sarsongarchiligini oldini olish, ularning vaqtini tejash, xavfsizligini taʼminlash maqsadida zamonaviy vositalar (gadjetlar)dan foydalangan holda sud majlislarida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil videokonferensaloqa joriy etiladi.
Jazoni ijro etish muassasalarida videokonferensaloqa tizimi oʻrnatilib, sudlanuvchilarni etap qilish, joylash, sud majlislariga olib kelish va olib ketish kabi harakatlarga sarflanayotgan byudjet mablagʻlari tejaladi.
Mazkur qarorga asosan sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlari bilan elektron hamkorlikni taʼminlashga, sudlar va boshqa idoralar oʻrtasida maʼlumot almashinuvini yaxshilashga, fuqarolarning vaqtini tejashga, sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Surxondaryo viloyat mamuriy sudi
Bosh konsultanti I.Shaymanov