O‘zbekiston Respublikasining  sudlarda ishlarni ko‘rishda prokurorning vakolatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi 2024-yil 30 sentabrdagi 968-sonli qonuni mazmun-mohiyati

Keyingi yillarda mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini, sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, bu fuqarolar hamda tadbirkorlik subektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga sud ishlarini yuritishda taraflarning tortishuvi prinsipini, davlat manfaatlari samarali himoya qilinishini ta’minlash sudlar tomonidan fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlarni ko‘rishda prokurorning ishtirokiga, shuningdek ishlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlari ustidan shikoyat qilishga taalluqli protsessual normalar yanada aniqlashtirilishini taqozo etmoqda. ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida prokurorning yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash va davlat budjetidan undiruvlar bilan bog‘liq ishlarda ishtirok etish huquqini, shuningdek davlat manfaatlarini himoya qilish uchun sudga ariza bilan murojaat qilish huquqini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga prokurorning yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki bilan bog‘liq ishlarda, atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, davlat budjetidan undiruvlar, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish, xususiy mulk sifatida egalik qilish va undan foydalanish faktini aniqlash, bojxona to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq ishlarda ishtirok etishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda, Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksida prokurorning sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida prokuror tegishli tarzda xabardor qilinmasdan ko‘rilgan, qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan ishlar bo‘yicha kassatsiya protesti, taftish tartibida protest keltirish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli sudlardan ishlarni talab qilib olishga bo‘lgan huquqi belgilanmoqda, shuningdek mazkur toifadagi ishlarni ko‘rish yakunlari bo‘yicha chiqarilgan sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish tartibi aniqlashtirilmoqda, Ushbu Qonun prokuratura organlarining odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish borasidagi faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat hamda davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishga, shuningdek sudlarda ishlarni muhokama qilishda qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Termiz tumanlararo ma’muriy sudi raisi

B.E.Umirov