Ma’muriy sud ishlarini yuritishda sud majlisi bayonnomasining ahamiyati

Ma’muriy sudlarda, umuman olganda barcha sudlarda sud majlisi bayonnomasini yuritish muhim hisoblanadi. Boisi, bayonnomada sud majlisidagi holatlar boricha aks ettiriladi. Sud majlisi bayonnomasi sud majlisi chog‘ida, shuningdek sud majlisi zalidan tashqarida bajarilgan barcha protsessual harakatlarni aks eetiruvchi muhim hujjat hisoblanadi. Qabul qilinadigan sud hujjatining xolis, asosli va qonuniyligi bayonnomada yoritilgan holatlarga ko‘ra aniqlanadi. Chunki sudlarda ishlarning ko‘rilishida protsessual harakatlarning to‘g‘ri yuritilganligi, protsessual qonunchilikka amal qilinganligi aynan sud majlisi bayonnomasida ko‘rsatib o‘tiladi.

Sud muhokamasi vaqtida sud majlisi kotibi O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining
175-176-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar asosida bayonnoma yuritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 175-moddasiga ko‘ra sud majlisining kotibi tomonidan sud majlisining bayonnomasida ishni ko‘rishning yoki alohida protsessual harakatlarni amalga oshirishning barcha muhim jihatlari quyidagicha yoritib berilishi lozim:

1) sud majlisi o‘tkazilgan yil, oy, sana va joy;

2) ishni ko‘rayotgan sudning nomi, sud tarkibi va sud majlisining kotibi;

3) ishning nomi va raqami;

4) ishda ishtirok etuvchi shaxslar va sud protsessining boshqa ishtirokchilari kelganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

5) ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va sud protsessining boshqa ishtirokchilariga sud tomonidan ularning protsessual huquq va majburiyatlari tushuntirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

6) sud tomonidan alohida xonaga (maslahatxonaga) kirmasdan joyida chiqarilgan ajrimlar;

7) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning og‘zaki arzlari va iltimosnomalari;

8) ishni ko‘rish chog‘ida sudga taqdim etilgan barcha yozma va ashyoviy dalillar, ekspertlarning yozma xulosalari haqidagi ma’lumotlar;

9) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari, guvohlarning ko‘rsatuvlari, ekspertlarning o‘z xulosalarini og‘zaki tushuntirishlari, mutaxassislarning maslahatlari (tushuntirishlari), ashyoviy va yozma dalillarning ko‘zdan kechirilganligi, olib qo‘yilganligi, sxemalar tuzilganligi, video va fototasvirga olinganligi haqidagi ma’lumotlar;

10) alohida protsessual harakatlarni amalga oshirish chog‘ida olingan ma’lumotlar;

11) sud muzokaralarining mazmuni va prokurorning fikri;

12) sudning hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori o‘qib eshittirilganligi haqidagi ma’lumotlar.

Sud majlisi bayonnomasida boshqa ma’lumotlar ham ko‘rsatilishi mumkin.

Sud majlisi audio- yoki videoyozuvga olingan taqdirda, sud majlisi bayonnomasida faqat sud majlisi o‘tkazilgan yil, oy, sana va joy; ishni ko‘rayotgan sudning nomi, sud tarkibi va sud majlisining kotibi; ishning nomi va raqami; ishda ishtirok etuvchi shaxslar va sud protsessining boshqa ishtirokchilari kelganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar; sud tomonidan alohida xonaga (maslahatxonaga) kirmasdan joyida chiqarilgan ajrimlar; ishda ishtirok etuvchi shaxslarning og‘zaki arzlari va iltimosnomalari; ishni ko‘rish chog‘ida sudga taqdim etilgan barcha yozma va ashyoviy dalillar, ekspertlarning yozma xulosalari haqidagi ma’lumotlar; sud muzokaralarining mazmuni va prokurorning fikri yuzasidan yozuv kiritiladi, ishda ishtirok etuvchi shaxslar bergan tushuntirishlarning boshlangan va tugagan vaqti, guvohlarning ko‘rsatuvlari, ekspertlarning o‘z xulosalari yuzasidan bergan og‘zaki tushuntirishlari, muzokaralar va prokurorning fikri aks ettiriladi, shuningdek sud majlisini yozib olishning texnik vositalaridan foydalanilganligi to‘g‘risida belgi qo‘yiladi. Elektron yoxud boshqa audio- yoki videoyozuvlar jamlangan vositalar sud majlisi bayonnomasiga qo‘shib qo‘yiladi.

Sud majlisi videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan taqdirda, sud majlisi bayonnomasida ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilganlardan tashqari quyidagi ma’lumotlar ham ko‘rsatilishi kerak:

sud majlisi videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi;

sud majlisini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazishga ko‘maklashgan sudning nomi haqidagi;

sud majlisini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazishga ko‘maklashayotgan sudga kelgan ishda ishtirok etuvchi shaxslar va sud protsessining boshqa ishtirokchilari to‘g‘risidagi;

sud majlisini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazishga ko‘maklashayotgan sudning hamda ishni ko‘rayotgan sudning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xodimlari haqidagi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 176-moddasiga ko‘ra, sud majlisi bayonnomasi yuritishda quyidagilarga amal qilinishi lozim:

-bayonnoma sud majlisi kotibi tomonidan sud majlisining o‘zida yoki alohida protsessual harakat bajarilganida sud majlisi zalidan tashqarida yuritiladi;

-bayonnoma sud majlisi tugaganidan yoki alohida protsessual harakat amalga oshirilganidan so‘ng uch kundan kechiktirmasdan raislik qiluvchi va sud majlisi kotibi tomonidan imzolanishi kerak.

Sud majlisining bayonnomasida bo‘yab, o‘chirib qayta yozishlarga, sud majlisining sanasini, taraflarning ismi sharifini, otasining ismini, ko‘rsatmalarni, barcha-barcha so‘zlarni qisqartirib yozishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Taraflar (da’vogar, javobgar, manfaatdor shaxslar ularning vakillari, vasiylari) ning, guvohlarning, mutaxassis, ekspert va boshqalarning shaxsiga oid ma’lumotlar aniq va to‘liq aks ettirilishi lozim.

Sud majlisining bayonnomasida sud majlisi jarayonlari va sud majlisidan tashqarida amalga oshirilgan protsessual harakatlar yuzasidan raislik etuvchining buyruqlari, farmoyishlari doimo 3-shaxs tilida yoziladi.

Sud yoki sudlov hay’atining ish bo‘yicha joyiga chiqilib, mutaxassis ishtirokidagi ko‘zdan kechirish jarayoni sud majlisining bayonnomasida aniq yoritilishi lozim.

Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisi bayonnomasi bilan tanishish va unga fikr-mulohaza yoxud e’tiroz bildirishlari mumkinligi haqida alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 177-moddasida belgilab berilgan.

Sud protsessi ishtirokchilari sud majlisining bayonnomasi bilan tanishib chiqishga haqli va u imzolangan kundan e’tiboran besh kun ichida bayonnoma yuzasidan bayonnomada yo‘l qo‘yilgan xatoliklarni yoki undagi ma’lumotlarning to‘liq emasligini ko‘rsatgan holda yozma fikr-mulohazalar berishi mumkin.

Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan yozma fikr-mulohazalar ular berilgan kundan keyin besh kun ichida sud protsessi ishtirokchilarini chaqirmasdan ko‘rib chiqilishi kerak.

Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan berilgan yozma fikr-mulohazalarni raislik qiluvchi ko‘rib chiqadi va ushbu fikr-mulohazalarga qo‘shilsa, ularni qabul qiladi, qo‘shilmagan taqdirda esa ularni rad etadi.

Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan yozma fikr-mulohazalar qabul qilinganligi haqida yoki rad etilganligi to‘g‘risida ajrim chiqariladi.

Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan sudga besh kunlik muddatni o‘tkazib taqdim etilgan yozma fikr-mulohazalar sud tomonidan ko‘rib chiqilmaydi va ishga qo‘shib qo‘yiladi, bu haqda yozma fikr-mulohazalar bergan shaxsga ma’lum qilinadi.

Sud protsessi ishtirokchilari sud majlisining audio- yoki videoyozuvi bilan tanishish huquqiga ega.

Sud majlisining audio- yoki videoyozuvining ko‘chirma nusxalari sud protsessi ishtirokchilariga ishni ko‘rib chiqqan sudning ruxsati bilan beriladi.

Xulosa qilib aytganda, sud majlisini ochib beruvchi, uning protsessual qonunchilikka muvofiq o‘tganligi holatlarining barchasi sud majlisi bayonnomasida aks etadi. Sud majlisi bayonnomasida haqiqiy holatlar aks etganligi, birinchidan, inson huquqlarining qay darajada amalga oshganligini namoyon qilsa, ikkinchidan, fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchi oshishida o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.

Surxondaryo viloyati ma`muriy sudi

sudya katta yordamchisi R.Tojimurodova